
O‘zbekistonning Fransiyadagi elchixonasi «Shimol-Janub» iqtisodiy va madaniy rivojlanish agentligi bilan hamkorlikda O‘zbekistondagi islohotlar jarayoni, shuningdek, mamlakatimiz xalqaro tashabbuslarini muhokama qilishga bag‘ishlangan «davra suhbati» tashkil etdi.
Tadbirda Fransiya ishbilarmon va akademik doiralari vakillari ishtirok etdi.
Anjuman ishtirokchilariga 2017-2021 yillarda O‘zbekistonni rivojlantirish strategiyasi, tashqi siyosatning ustuvor yo‘nalishlari, shuningdek, Prezident Shavkat Mirziyoevning xalqaro maydondagi tashabbuslari to‘g‘risida batafsil ma'lumot berildi.
Iqtisodiyotni liberallashtirish, ishbilarmonlik va investisiya muhitini yaxshilash, xorijiy investorlar uchun huquqiy kafolatlar va imtiyozlarni kuchaytirish, fuqarolik jamiyati va institutlarini mustahkamlash, turizm sohasini rivojlantirishda erishilayotgan natijalar qayd etildi.
Tadbir ishtirokchilari «Shimol-Janub» agentligi hamda mamlakat ishbilarmon doiralari vakillari delegasiyasining xalqaro epidemiologik vaziyat yaxshilangandan so‘ng O‘zbekistonga tashrifini tashkil etish, shuningdek, Fransiya mintaqalarida o‘tkaziladigan tadbirlar rejasi bo‘yicha kelishib oldi.
Jilber Salinas, «Shimol-Janub» iqtisodiy va madaniy rivojlanish agentligi prezidenti:
- Agentligimiz o‘z faoliyatini Janubiy Pireney mintaqasi va O‘rta yer dengizi havzasi, Yevropa Ittifoqi va Markaziy Osiyo o‘zaro davlatlari o‘rtasida savdo-iqtisodiy almashinuv va ta'lim muassasalarining sherikligi uchun qulay sharoitlar yaratish orqali iqtisodiyot, madaniyat va ta'lim sohalarida mintaqalararo va xalqaro hamkorlikni rag‘batlantirish va rivojlantirishga hissa qo‘shish maqsadiga qaratgan. Agentlik BMTning Iqtisodiy va ijtimoiy kengashi (ECOSOC) huzurida maxsus maslahatchi maqomiga ega.
O‘zbekiston elchixonasi bilan hamkorlikda o‘tkazgan «davra suhbati» fransuz kompaniyalari va investorlarini mamlakatingizga jalb qilish va o‘zaro hamkorlikni rivojlantirishga yordam beradi, degan umiddamiz.
O‘zbekiston bilan uzoq yillardan beri yaqin hamkorlik qilib, qator o‘zaro manfaatli loyihalarni amalga oshirdik. Xususan, Janubiy Pireney mintaqasi ishbilarmon doiralari vakillari delegasiyasining mamlakatingizga safari doirasida biznes-seminar va kooperasion birja tashkil etildi. Shuningdek, Janubiy Pireney mintaqasi va O‘zbekiston savdo-sanoat palatasi o‘rtasida savdo-iqtisodiy hamkorlik istiqbollarini muhokama qilish mavzusida muzokaralar o‘tkazildi.
O‘zbekiston ulkan salohiyatga ega. Agentlik, dunyoda davom etayotgan pandemiyaga qaramasdan, fransuz kompaniyalari bilan hamkorlikni mustahkamlashda yordam berishga tayyor. Bugungi tadbirda xalqaro tadbirlarda ishtirok etish, qo‘shma tashriflarni tashkil etish masalalarini ishlab chiqish bo‘yicha kelishuvga erishildi. Xususan, 2021 yil sentyabr' oyida Fransiya ishbilarmon doiralari vakillarining O‘zbekistonga navbatdagi tashrifi rejalashtirildi.
Benua Rigal, «France Exportea» kompaniyasi vakili:
- O‘zbekiston kompaniyalari bilan qishloq xo‘jaligi, qayta tiklanadigan energiya manbalari, shu jumladan, quyosh energiyasi, sog‘liqni saqlash sohasiga yangi texnologiyalar joriy qilish yo‘nalishlarida hamkorlikni yo‘lga qo‘yishdan manfaatdormiz. Biz anjumanda qo‘shma investisiya loyihalarini amalga oshirish imkoniyatlarini o‘rganishni taklif qilib, turli mazmundagi taqdimot hujjatlarini taqdim etdik.
Jan Baptist Debau, Tuluza shahridagi Kosmik markazi bosh direktori:
- O‘zbekistonning boy sayyohlik salohiyatidan xabardormiz, respublikaning me'moriy va madaniy yodgorliklari yuqori bahoga munosib.
Biz O‘rta asrlarning eng muhim rasadxonalaridan biri bo‘lgan Mirzo Ulug‘bek rasadxonasi bilan hamkorlik qilishdan manfaatdormiz. Buyuk olim Mirzo Ulug‘bek byustini Tuluza shahridagi Kosmik markaz hududiga o‘rnatish imkoniyatini o‘rganishni taklif qilamiz.