Elchixona bilan bog'lanish
telefoni
Konsullik masalalari bo'yicha
telefoni

O‘zbekiston madaniy hayoti tarixida yangi sahifa — mamlakat ilk bor Venetsiya biennalesida ishtirok etadi - O'zbekiston Respublikasining Fransiya Respublikasidagi elchixonasi

O‘zbekiston madaniy hayoti tarixida yangi sahifa — mamlakat ilk bor Venetsiya biennalesida ishtirok etadi



O‘zbekiston Respublikasi 2021 yil 22 maydan 21 noyabrgacha bo‘lib o‘tadigan Venetsiya arxitektura biennalesida ilk bor «Mahalla: shahar va qishloq hayoti» mavzusidagi milliy pavilyoni bilan ishtirok etadi. O‘zbekiston Markaziy Osiyo mintaqasidan ishtirok etayotgan birinchi mamlakat bo‘ladi.

Bu O‘zbekistonning Venetsiya biennalesidagi debyut loyihasidir. Pavilyon komissari – Madaniyat vazirligi huzuridagi Madaniyat va sanʼatni rivojlantirish jamg‘armasi. Loyihaning asosiy vazifasi global madaniy olamda milliy ishtirokni mustahkamlashdan iborat.

Ko‘rgazmaning kuratorlari Syurixdagi Oliy texnika maktabining arxitektura va dizayn professorlari va Christ & Gantenbein arxitektura byurosi sherik-asoschilari Emanuel Krist va Kristof Gantenbeynlardir. Loyihaning rassomi va ovoz rejissyori — Karlos Kasas; fotograf va rassomi — Bas Prinsen. «Mahalla: shahar va qishloq hayoti» loyihasi mahallalarning O‘zbekiston uchun madaniy va me'moriy ahamiyatini o‘rganadi va 17-Venetsiya Xalqaro arxitektura biennalesining bosh savoli «Biz qanday qilib birga yashaymiz?»ga javob beradi.

“Mahalla: shahar va qishloq hayoti loyihasi” — bu xalqaro jamoaning hamkorligi natijasi bo‘lib, unda tashkilotchilar global tajriba va mahalliy isteʼdodga tayangan. Shunday qilib, Toshkent shahridagi Zamonaviy sanʼat markazining fanlararo eksperimental laboratoriyasi ostida faoliyat yuritayotgan O‘zbekistonning yиosh rassomlari va meʼmorlari O‘zbekiston Milliy pavilyonini yaratish doirasida mahalliy tadqiqotlarda faol qatnashdilar va loyihaga ulkan hissa qo‘shdilar. Ular mahallalar aholisi bilan suhbatlar o‘tkazib, Venetsiya arxitektura biennalesidagi O‘zbekiston pavilyoniga tashrif buyuruvchilar uchun bepul taqdim etiladigan fаnzin (fan magazine - fan-jurnal) yaratdilar.

 Fаnzin «Mahalla 40» hozirgi kun mahallalarida mavjud bo‘lgan nomoddiy madaniy merosni 40 ta asosiy so‘zlarda taʼriflaydi. Ushbu so‘zlar birgalikda yashab, anʼanaviy qo‘shnichilik ijtimoiy organizmi nomi ostida hayotlarini bog‘lagan jamiyatni yoritib beradi. Tanlangan so‘zlarning aksariyati bizning fikrlashimiz, xulq-atvorimiz va madaniyatimizga singib ketgan. Ulardan baʼzilari aniq, boshqalari kamroq uchrasa-da, ularning barchasi mahalla muhitiga sho‘ng‘iganda eng iliq tuyg‘ularni uyg‘otadi. Fenzin «Mahalla 40» sizga ko‘rinmas jamoat mahallasiga, yaʼni O‘zbekistondagi barcha mahallalarga sayohat qilish imkonini beradi. Ayni paytda O‘zbekistonda ko‘plab eski va yangi mahallalar bor. Globallashuv va o‘zgaruvchan odatlar tufayli ular ham asta-sekin o‘zgarib, yangi ko‘rinishga ega bo‘lmoqdalar.

Loyihaning boshlang‘ich nuqtasi – bu Emanuel Krist va Kristof Gantenbeynlar boshchiligidagi  hamda dotsent va tadqiqot direktori Viktoriya Iston bilan birgalikda olib borilgan ushbu madaniy merosni o‘rganish va hujjatlashtirishdir. ETH Zurich jamoasi Zamonaviy sanʼat markazining mahalliy maslahatchilari, talabalari va laboratoriya aʼzolari bilan yaqindan hamkorlik qildi.

Ushbu tadqiqotga asoslangan holda, ko‘rgazma tanqidiy o‘rganish va dastlabki izlanishlarga yo‘naltirilgan ilmiy tadqiqotlar va badiiy bayonotlarni taqdim etadi.

Installyatsiyalarning konseptual asosida Kvart Tesa maydonida vaqtincha Toshkent mahalla uyi joylanadi. Qayta yaratilgan ushbu obyekt ichki muhitning masshtabi, sifati va go‘zalligi bilan o‘zaro aloqada bo‘lishga imkon beradi. Karlos Kasas tomonidan yaratilgan tovush landshaftlari yordamida tomoshabin xonadan xonaga o‘tib, turli xil yashash muhitlarini ko‘rishi mumkin. Tovush bloklarining bir qismi dinamik bo‘lganligi uchun tovush landshafti kun davomida o‘zgarib turadi.

Bass Prinsen tasvirlari uylarning ko‘rinmas kengliklarini aks ettiradi va ovoz berish tajribasi bilan ushbu sayohatda mahallaning baʼzi ichki makonlari yoki ko‘cha landshaftlarining tafsilotlarini biroz syurreal ravishda tasvirlagani uchun g‘oyat ahamiyatlidir. Bundan tashqari, mobil ilova tomoshabinga tovush manzaralariga ko‘ra tavsiya etilgan uyning tuzilishini sinab ko‘rish imkoniyatini beradi. Ilova haqiqiy uylarning bulutli modellari asosida ishlab chiqiladi.

Ochilish marosimida O‘zbekiston nomidan O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari, O‘zbekiston Milliy pavilyonining tashkiliy qo‘mitasi raisi Aziz Abduhakimov, Madaniyat va sanʼatni rivojlantirish jamg‘armasi kengashi raisining o‘rinbosari Saida Mirziyoyeva, Madaniyat va sanʼatni rivojlantirish jamg‘armasining ijrochi direktori va ko‘rgazma loyihasi komissari Gayane Umerova, shuningdek, loyihaviy ishlar ishtirokchilari ishtirok etadi.

Aziz Abduhakimov, O‘zbekiston Milliy pavilyonining tashkiliy qo‘mitasi raisi:

 «Biz “La Biennale Di Venezia” xalqaro arxitektura biennalesida O‘zbekiston Respublikasi Milliy pavilyonining birinchi loyihasini taqdim etishdan mamnunmiz. Mamlakatimizning boy meʼmoriy merosi hamda zamonaviy madaniy, ilmiy va professional yutuqlari xalqaro muloqotning to‘laqonli ishtirokchilari bo‘lishimiz, samarali madaniy almashinuvni boshlashimiz va dolzarb mintaqaviy va global muammolarni muhokama qilish uchun xorijiy mutaxassislarni taklif qilishimizga imkon beradi».

O‘zbekistonda qadriyatlar, asosan, shahar sharoitida o‘rnatilgan chinakam qishloq muhiti sifatida yuzaga keladi va ushbu mahalliy madaniyat muassasasi alohida ahamiyat kasb etadi:

«Bizning oldimizda o‘z merosimizni saqlash va shu bilan birga uni shiddat bilan o‘zgarib borayotgan dunyo talablariga moslashtirish vazifasi turibdi. Venetsiya biennalesidagi Milliy pavilyon bu kabi akademik va badiiy izlanishlar, dunyoning eng yaxshi mutaxassislari bilan muloqot qilish va keng jamoatchilikka birgalikdagi natijalarni namoyish etish uchun ideal maydondir», - deydi Saida Mirziyoyeva, Madaniyat va sanʼatni rivojlantirish jamg‘armasi kengashi raisining o‘rinbosari. 

Tadqiqotning eng muhim qismi Toshkentda bo‘lib o‘tdi, deya taʼkidladi loyiha komissari va Madaniyat va sanʼatni rivojlantirish jamg‘armasining ijrochi direktori Gayane Umerova:

«...Biz Toshkentdagi zamonaviy sanʼat markazining fanlararo eksperimental laboratoriyasi bo‘lgan CCA laboratoriyasiga yosh va yangi rassomlar hamda meʼmorlarni faol jalb qilamiz. Laboratoriya ishtirokchilari loyiha doirasida o‘tkazilgan mahalliy tadqiqotlarda faol ishtirok etishdi. Laboratoriya va turli xalqaro olimlardan tashqari biz ko‘p yillar davomida mahallalarning meʼmoriy va ijtimoiy shakllanishini o‘rganishga bag‘ishlagan mahalliy olimlar, masalan, professorlar Abdumannop Ziyayev, Shukur Asqarov, Mavlyuda Abbosova-Yusupova, Aleksey Ulko, Boris Chuxovich va boshqalar bilan ish olib boramiz».

«Mahalla ijtimoiy, madaniy va shahar hodisasidir. Bu Hashim Sarkis tomonidan berilgan savolga javob bo‘lishi shart emas, lekin u juda boy va qiziqarli ishora bo‘lishi mumkin va global zamonaviy jamiyat qayerdan nigoh, maʼlumot, ilhom topishi mumkinligi haqida dalolat beradi», -  deb tushuntiradi kurator Emanuel Krist.

Qo‘shimcha maʼlumot:

O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi huzuridagi Madaniyat va sanʼatni rivojlantirish jamg‘armasi tomonidan tasviriy sanʼat, adabiyot, teatr, musiqa va xoreografiya sohasidagi tadbirlar muntazam tashkil etilib, qo‘llab-quvvatlanmoqda. Jamg‘arma xalqaro madaniy aloqalarni kengaytirish, mamlakatda metsenatlikni rivojlantirish, shuningdek, O‘zbekiston madaniyatini jahon sahnasida targ‘ib etish bilan shug‘ullanadi.

Rasmiy sayt: www.acdf.uz

Instagram: https://instagram.com/acdfuz

Facebook: https://www.facebook.com/acdfuz

Telegram: https://t.me/acdfuz 

Email: info@acdf.uz