
Eng asosiysi, hamkorlik orqali yoshlar amaliy ko‘nikmalarga ega bo‘ladi.
IT Park Uzbekistan va Fransiya-O‘zbekiston iqtisodiy palatasi (CIIFO) o‘rtasida imzolangan hamkorlik memorandumi ikki mamlakat uchun texnologiya va tajriba almashinuvi orqali yangi yechimlar yaratishni maqsad qildi.
Memorandum imzolash marosimi IT Park Uzbekistan xizmatlar eksportini rivojlantirish bo‘yicha direktori Mahliyo Muxsinova va CIIFO raisi Joanna Golas ishtirokida tashkil etildi. Tadbirda Fransiyaning O‘zbekistondagi elchixonasi iqtisodiy departamenti direktori Yan Kashinskiy boshchiligidagi vakillar ham qatnashdi.
CIIFO — bu Fransiya va O‘zbekiston o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy aloqalarni rivojlantirishga qaratilgan mustaqil notijorat tashkilot. Palata ikki mamlakat biznes vakillari o‘rtasida ko‘prik vazifasini o‘tab, ishbilarmonlik aloqalarini o‘rnatish va investitsiyalarni jalb qilishga ko‘maklashadi, shuningdek, sanoat, texnologiyalar va innovatsiyalar sohalarida qo‘shma tashabbuslarni qo‘llab-quvvatlash bilan shug‘ullanadi.
Uchrashuv davomida tomonlar raqamli texnologiyalar sohasidagi ikki tomonlama hamkorlikni mustahkamlash istiqbollarini muhokama qilib, kelgusidagi hamkorlikning ustuvor yo‘nalishlarini belgilab oldilar. Jumladan: sun’iy intellekt masalalari bo‘yicha qo‘shma qo‘mita tuzish, Fransiya elchisining IT Park bosh qarorgohiga tashrifini tashkil etish, Fransiya va O‘zbekiston texnologik kompaniyalari o‘rtasidagi muloqotni kengaytirish masalalari ko‘rib chiqildi.
N.Rahmonova,
O‘zA