
"Emile Anthoine" sport markazida bo'lib o'tgan musobaqalar O'zbekiston kurash federatsiyasi tomonidan Xalqaro kurash assotsiatsiyasi, Yevropa kurash konfederatsiyasi, Fransiya kurash federatsiyasi hamkorligida mamlakatimizning Parijdagi elchixonasi ko'magida tashkil etildi.
.jpg)
Bu yilgi musobaqalarda dunyoning 25 davlatidan yuzga yagin polvon ishtirok etdi. Turnirda kurashchi yigitlar -90 va +90 kilogramm og'irlikda, ayollar -70 hamda +70 kilogramm vazn toifasida g'oliblik uchun kurash olib bordi.
Turnirning ochilish marosimida vazirlik va idoralar, hududiy hokimlik vakillari, diplomatik korpus, Fransiya va xalqaro OAV vakillari, Fransiyada tahsil olayotgan va mehnat qilayotgan hamyurtlarimiz ishtirok etdi.
Ochilish marosimida O'zbekiston elchisi Nodir G'aniyev va Xalqaro kurash assotsiatsiyasi bosh kotibi Muhammad Rizo Nassiri ishtirokchilarni qutladi.
So'zga chiqqanlar o'zbek milliy kurashi jahonning barcha qit’alarida jadal rivojlanib, xalqaro ahamiyatga molik sport turiga aylanib borayotganini, Parijdagi turnirning nufuzi va geografiyasi yildan-yilga kengayib, dunyoning eng kuchli polvonlarini o'ziga jalb etayotganini ta’kidladilar.
Parijdagi kurash bo'yicha xalqaro turnir nafaqat musobaqalar maydoniga, balki xalqlar o'rtasidagi do'stlik va o'zaro hamjihatlik bayramiga aylandi.
Turnir davomida mamlakatimizning boy sayyohlik va gastronomik salohiyati, xalq hunarmandlari mahsulotlari ko'rgazmasi, o'zbekistonlik san’at ustalari ishtirokidagi konsert dasturi namoyish etildi.
O'zbekiston Prezidenti sovrini uchun kurash bo'yicha xalqaro turnirda ayollar o'rtasida -70 kg vazn toifasida Overkamp Naomi (Niderlandiya), +70 kg vaznda Nunn Chloye Jessika (Buyuk Britaniya) birinchi o'rinni egalladi. Erkaklar o'rtasida esa -90 kg vaznda O'zbekiston vakili Alixon Nodirov, yana bir polvonimiz Sherali Jo'rayev esa +90 kg vazn toifasida bosh sovrinni qo'lga kiritdi.
Kurash bahslari fransuz jamoatchiligi va Fransiyadagi ushbu sport turiga muxlislik qiladiganlarga katta qiziqish uyg'otdi.
Filipp Oje, Dovil shahri meri:
– Bugun o'zim yaqindan tanish bo'lmagan o'zbek kurashini kashf etganimdan juda xursand bo'ldim. O'zbekiston Prezidenti sovrini uchun o'tkazilgan kurash turniri bir necha hafta avval Dovil shahrida o'zbek modasi namoyishi bo'lib o'tgan mamlakatingiz bilan tanishuvimni yanada kengaytirdi.
Ushbu esda qolarli voqea bizga foydali aloqalar o'rnatish imkonini berdi, biz ularni madaniyat, sayyohlik, hozirda esa sport sohalarida yanada rivojlantirish niyatidamiz. O'ylaymanki, biz bir-birimizni yaqinroq bilish va o'zaro manfaatli hamkorlikni yo'lga qo'yish yo'lida to'g'ri yo'ldamiz.
Bunday foydali almashinuvlar O'zbekiston Prezidentining joriy yil mart oyida Fransiyaga davlat tashrifidan so'ng yangi sur’at oldi.
Xabaringiz bor, joriy yilning kuzida Samarqand shahrida YUNЕSKO Bosh konferensiyasining 43-sessiyasi bo'lib o'tadi. Bu muhim voqea menga Ipak yo'lidagi tarixiy shaharga sayohat qilishimga qo'shimcha sabab bo'ladi, chunki men Samarqandni kashf qilishni anchadan beri orzu qilardim.
Oliver Grizard, "UBAF" bankining xalqaro savdo va bank operatsiyalari direktori:
– Parijdagi ushbu tadbirda ishtirok etish men uchun katta sharaf. O'zbekiston jahon miqyosida o'z nomini nafaqat iqtisodiy jihatdan, balki boshqa yo'nalishlarda keng tarannum etayotgan davlat. O'zbekiston sport sohasida ham ulkan yutuqlarni qo'lga kiritmoqda. Ayniqsa, 2024 yilda Parijda bo'lib o'tgan yozgi Olimpiya o'yinlarida O'zbekiston atletlari ajoyib natijalarga erishdi.
O'zbek milliy kurashining keng miqyosda rivojlanishi, Parijda nafaqat Osiyo, balki Yevropa, hatto Afrikaning turli mamlakatlari sportchilari ishtirokida tashkil etilgan turnir, bularning barchasi O'zbekistonning xalqaro nufuzini mustahkamlashga xizmat qilmoqda.
Maksim Buyer, Tuluza shahri meri o'rinbosari:
– Bugun Parij markazida muhim tadbir – O'zbekiston va Markaziy Osiyoda ko'p asrlik an’anaga aylangan milliy sport turini hamda Fransiyaning eng diqqatga sazovor joyi – Eyfel minorasini birlashtirgan kurash bo'yicha xalqaro turnir bo'lib o'tdi.
Oxirgi oylarda biz O'zbekiston va Fransiya o'rtasidagi munosabatlarda muhim lahzalarga guvoh bo'ldik. O'zbekiston Prezidenti joriy yilning mart oyida Fransiyada davlat tashrifi bilan bo'lib, uning doirasida Prezident Emmanuel Makron bilan uchrashdi.
Prezident Shavkat Mirziyoyev rahnamoligida mamlakatingizda Yangi O'zbekistonni barpo etish yo'li belgilandi. Bu madaniy, iqtisodiy va geosiyosiy nuqtayi nazardan dinamik loyihadir. O'zbekiston nafaqat Markaziy Osiyo miqyosida, balki jahon miqyosida ham taraqqiyot sari jadal odimlamoqda. Bu Fransiya va O'zbekiston nega bir-biri bilan yaqinlashib, ikki tomonlama hamkorlikni jadal rivojlantirmoqda, degan savolga ham javob beradi. Jahon tarixida muhim iz qoldirgan ikki davlatning yaqinlashuvi dunyoning ikki mintaqasi – Yevropa va Markaziy Osiyo o'rtasidagi hamkorlikni ham mustahkamlaydi.