
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev raisligida aholi murojaatlari bilan ishlash tizimini yanada takomillashtirish, Xalq qabulxonalari faoliyatini yangi bosqichga olib chiqish hamda jamoatchilik fikrini chuqur tahlil qilishga bag‘ishlangan videoselektorda fuqarolar murojaatlari bilan ishlash tizimining bugungi holati, amalga oshirilayotgan islohotlar samaradorligi va kelgusidagi ustuvor vazifalar atroflicha muhokama qilindi.
So‘nggi to‘qqiz yilda aholi daromadlari ikki barobarga ortdi. Mahallalarda infratuzilmani yaxshilash, aholi turmushini yuksaltirish uchun joriy yilda 56 trillion so‘m mablag‘ ajratilmoqda. Albatta, bunday keng ko‘lamli ishlar inson manfaatlarini ta’minlash, fuqarolarni qiynayotgan muammolarga yechim topishga xizmat qiladi.

Biroq, davlatimiz rahbari ta’kidlaganidek, mavjud imkoniyatlarga qaramasdan, ayrim hududlarda aholi murojaatlari o‘z vaqtida hal etilmayotgan holatlar ham uchramoqda. Shu bois bu tizimni yanada takomillashtirish muhim ahamiyat kasb etadi.
Avval fuqarolar murojaatlari bilan ishlash tizimi bugungi darajada emas edi. Ko‘plab odamlar o‘z muammosini hal qilish uchun turli idoralar eshigini taqillatib yurishga majbur bo‘lar, ariza va shikoyatlar oylab tashkilotlar orasida sarson bo‘lib yurardi. Byurokratik to‘siqlar va rasmiyatchiliklar fuqarolarning davlat institutlariga bo‘lgan ishonchiga ham ta’sir ko‘rsatgan.
Mana shunday vaziyatni tubdan o‘zgartirish maqsadida 2016-yil 28-dekabr kuni Prezident tomonidan “Jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari bilan ishlash tizimini tubdan takomillashtirish to‘g‘risida”gi farmoni qabul qilindi. Ushbu hujjat asosida Prezidentning Virtual qabulxonasi va Xalq qabulxonalari tashkil etildi. Bu esa fuqarolarga o‘z muammolarini bevosita davlat rahbari nazoratidagi tizim orqali bildirish imkonini berdi.
Bu tizimning muhim jihati shundaki, murojaatlarni qabul qilish bilan cheklanmaydi. Elektron murojaatlar, shaxsiy qabullar, sayyor uchrashuvlar va markazlashgan nazorat mexanizmi birlashtirilib, davlat va jamiyat o‘rtasida ochiq muloqot tizimi shakllantirildi. Natijada davlat boshqaruvida yangi madaniyat – inson manfaatlari ustuvor bo‘lgan boshqaruv tamoyili qaror topmoqda. Bir yil davomida hokimlar va tashkilot rahbarlari tomonidan 97 mingdan ortiq sayyor qabul o‘tkazilib, 404 ming nafardan ziyod fuqaroning murojaati tinglandi. Ularning 57 foizi ijobiy hal etilgan. Shuningdek, 2025-yil davomida Prezident Virtual qabulxonasiga 1 million 216 ming murojaat kelib tushgan bo‘lib, ularning 579 mingtasi ijobiy hal qilingan. Bu ko‘rsatkichlar fuqarolarning ushbu tizimga bo‘lgan ishonchi ortib borayotganidan dalolat beradi.
Ushbu jarayonda parlament va jamoatchilik nazoratini kuchaytirishga ham alohida e’tibor qaratilmoqda. Hududlarda fuqarolar murojaatlari bilan ishlash holati yuzasidan xalq deputatlari kengashlariga yuzlab axborotlar kiritilib, davlat organlari rahbarlarining hisoboti eshitildi.
Yangi yondashuvga ko‘ra, Xalq qabulxonalari faqat ariza qabul qiladigan idora emas, balki joylardagi muammolarni tahlil qilib, ularning sabablarini aniqlaydigan va tegishli idoralar bilan birgalikda yechim taklif qiladigan markazga aylantirilmoqda. Shuningdek, murojaatlar bilan ishlashda mahalla tizimining mas’uliyati ham oshirilmoqda. Albatta, har bir murojaat ortida inson taqdiri, uning dardi va umidi turibdi. Shu bois murojaatlarni o‘z vaqtida ko‘rib chiqish, muammolarni joyida hal etish davlat xizmatchilarining eng muhim vazifasi bo‘lib qolmoqda.
Parlament vakili sifatida biz ham aholi murojaatlari bilan ishlash tizimini yanada takomillashtirish, fuqarolarning huquq va manfaatlarini himoya qilish yo‘lida barcha imkoniyatlardan samarali foydalanishga intilamiz. Zero, inson qadri ulug‘langan, adolat va qonuniylik ustuvor bo‘lgan jamiyatni barpo etish Yangi O‘zbekiston taraqqiyotining eng muhim maqsadlaridan biridir.
Guljan Xalmuratova,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati, O’zLiDeP fraksiyasi, Innovatsion rivojlanish va axborot texnologiyalari masalalari qo‘mitasi a’zosi.
O‘zA.