
O‘zbekiston elchixonasi vakillari Fransiyaning Sent-Jeni-Puyi shahrida istiqomat qilayotgan vatandoshlar bilan uchrashdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Uchrashuv doirasida vatandoshimiz, rassom-illyustrator Nargis Karimovaning art-studiyasi taqdimoti bo‘lib o‘tdi. Galereya xorijda istiqomat qilayotgan yosh avlod hamda fransuz jamoatchiligi orasida o‘zbek madaniyatini targ‘ib qilish va milliy anʼanalarni asrab-avaylash maqsadida tashkil etilgan.
Nargis Karimova bolalarga o‘zbekcha motivlar va syujetlar asosida surat chizishni o‘rgatadi, muntazam ravishda mahorat darslari o‘tkazib kelmoqda. Hozirda yosh ishtirokchilar milliy sanʼat namunalari bilan tanishmoqda. Galereya maydoni o‘zbek ertak va afsonalaridan ilhomlanib chizilgan yorqin suratlar bilan bezatilgan.
Rassom faoliyatida “Oq terakmi, ko‘k terak” va “Toshkent” nomli bolalar kitoblarini nashr etish alohida o‘rin egallaydi. Bu kitoblarni vatandoshlarimizning farzandlari katta qiziqish bilan o‘qib, o‘zbek folklori va anʼanalari bilan tanishmoqda. Ushbu kitoblar to‘rt tilda — o‘zbek, rus, ingliz va fransuz tillarida nashr qilingan. Bu esa ularni keng xalqaro auditoriyaga yetkazish hamda turli mamlakatlar o‘quvchilarini yurtimiz madaniyati va ruhiyati bilan tanishtirish imkonini beradi.
Tadbir samimiy va do‘stona ruhda o‘tib, diaspora vakillari uchun muloqot qilish, yangiliklar almashish va o‘zaro aloqalarni mustahkamlash maydoniga aylandi. Ishtirokchilar bunday tashabbuslar madaniy o‘ziga xoslikni saqlash va milliy qadriyatlarni vatandan yiroqda yashayotgan yosh avlodga yetkazishda muhim ahamiyat kasb etishini taʼkidladilar.
Rassom-illyustrator Nargis Karimova uchrashuvda qatnashgan hamyurtlar va mehmonlarga tadbir taassurotlari va ijodi haqida o‘z fikr-mulohazalarini bildirdi:
– 20 yildan beri Sent-Jeni-Puyi shahrida yashayman. Kasbim – rassom-illyustrator. Bu yerga ko‘chib o‘tish nafaqat hayotimda, balki ijodimda ham muhim bosqich bo‘ldi. Vaqt o‘tib, Fransiyada o‘zbek madaniyatini ommalashtirish maqsadida o‘z sanʼat studiyamni tashkil etish g‘oyasi tug‘ildi. Hozirda “Vatandoshlar” jamoat fondi ko‘magida “Oq terakmi, ko‘k terak” va “Toshkent” kitoblarimni italyan tilida nashr etish ustida ishlayapman.
Sanʼat, kitoblar va tasviriy obrazlar orqali men bolalar va fransuz jamiyatini O‘zbekistonning boy madaniy merosi, uning anʼanalari va muhiti bilan tanishtirishga harakat qilaman.
Fransiyada yashab, madaniy aloqalarni mustahkamlashga hissa qo‘shayotganimdan va fransuz jamoatchiligini o‘zbek madaniyati bilan tanishtirayotganimdan chin dildan faxrlanaman.


