Elchixona bilan bog'lanish
telefoni
Konsullik masalalari bo'yicha
telefoni

O‘zbekiston vakili Parijdagi SPIMUN 2026 xalqaro konferensiyasida ishtirok etdi - O'zbekiston Respublikasining Fransiya Respublikasidagi elchixonasi

O‘zbekiston vakili Parijdagi SPIMUN 2026 xalqaro konferensiyasida ishtirok etdi



O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti davlat stipendiyasi sohibi, G.V. Plexanov nomidagi Rossiya iqtisodiyot universitetining Toshkent filiali talabasi Biloliddin Omonullayev 2026-yil 4–7-mart kunlari Parijdagi Sciences Po universitetida bo‘lib o‘tgan Sciences Po International Model United Nations (SPIMUN 2026) xalqaro konferensiyasida ishtirok etdi. Tadbirda turli mamlakatlardan 300 ga yaqin delegat qatnashdi.

Konferensiya ochilish marosimining maxsus mehmoni xalqaro ekspert hamda UNESCO Bosh direktorining ijtimoiy va gumanitar fanlar bo‘yicha sobiq yordamchisi Gabriela Ramos bo‘ldi. U o‘z nutqida O‘zbekistonni alohida ta’kidlab, mamlakat taraqqiyotining ijobiy dinamikasi va xalqaro hamkorlikdagi faol ishtirokini qayd etdi.

Konferensiya doirasida B. Omonullayev delegat sifatida qatnashib, ECOSOC qo‘mitasi faoliyatida ishtirok etdi. Unda ijtimoiy himoya va xalqaro iqtisodiy hamkorlikning dolzarb masalalari muhokama qilindi.

Yakuniy marosimda Biloliddin Omonullayev O‘zbekistonga bag‘ishlangan taqdimot bilan chiqish qildi. Taqdimot davomida mamlakatning tarixiy va zamonaviy taraqqiyoti haqida ma’lumotlar taqdim etildi hamda skripkada milliy musiqiy asarlar ijro etildi.

Shuningdek, taqdimotda O‘zbekistonning madaniy merosi, Buyuk Ipak yo‘lidagi tarixiy o‘rni, shuningdek mamlakatning xalqaro tashabbuslari, jumladan, 2025-yilda Samarqand shahrida UNESCO Bosh konferensiyasining 43-sessiyasini o‘tkazishi haqida so‘z yuritildi.

Avvalroq Biloliddin Omonullayev Parijdagi Le Cordon Bleu Paris tomonidan tashkil etilgan Culinary Competition 2024 xalqaro pazandachilik tanlovida ham ishtirok etgan. U ko‘p bosqichli saralash natijasida Markaziy Osiyo davlatlari orasida yagona finalist bo‘lib, finalda 10 mamlakat vakillari orasida III o‘rinni egallagan.