Elchixona bilan bog'lanish
telefoni
Konsullik masalalari bo'yicha
telefoni

TERMIZ MULOQOTI: MADANIY-GUMANITAR ALOQALARDAN BARQAROR MINTAQAVIY ARXITEKTURANI BARPO ETISH SARI - O'zbekiston Respublikasining Fransiya Respublikasidagi elchixonasi

TERMIZ MULOQOTI: MADANIY-GUMANITAR ALOQALARDAN BARQAROR MINTAQAVIY ARXITEKTURANI BARPO ETISH SARI


Bugun xalqaro maydonlarda yuz berayotgan voqea va hodisalar Markaziy va Janubiy Osiyo mintaqasi davlatlari uchun yana bir bor o‘zaro hamjihatlik, birdamlik hamda maqsadlar mushtarakligiga erishish zarurati ortib borayotganligini ko‘rsatmoqda. Bu borada 2025-yilning 19-mayida o‘tkazilgan “Tinchlik, do‘stlik va farovonlikning umumiy makonini barpo etish” mavzusida Markaziy va Janubiy Osiyo o‘rtasidagi o‘zaro bog‘liqlik bo‘yicha Termiz muloqotidan ko‘zlangan asosiy maqsad mintaqalarining o‘zaro bog‘liqligini mustahkamlash hamda hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqishdan iborat edi. Aytish mumkinki, so‘nggi bir yil davomida muloqotda e’tibor qaratilgan dolzarb masalalarda sezilarli natijalarga erishildi. Navbatdagi Termiz muloqotida ham Markaziy va Janubiy Osiyo o‘rtasidagi hamkorlikni mustahkamlash, mintaqalararo aloqalarni chuqurlashtirish va iqtisodiy o‘sishni ta’minlash, shuningdek, xavfsizlik va barqaror rivojlanishni yanada takomillashtirish kabi dolzarb masalalarni muhokama qilishga qaratilgan.

Madaniy aloqalar. Qayd etish joizki, bugungi kunda Termiz shahri Afg‘onistonda tinchlik va barqarorlikni ta’minlash hamda iqtisodiyotini qayta tiklashdagi muhim maskanga aylandi. E’tiborga molik jihati shundaki, o‘tmishda ham Termiz zardushtiylik, buddaviylik, xristianlik va islom an’analari paydo bo‘lgan va rivojlangan madaniyatlararo hamda diniy muloqot markazi bo‘lgan. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar instituti direktori Eldor Aripovning qayd etishicha, Yunon-Baqtriya, Kushon podshohliklari va boshqa qadimiy davlatlar o‘rtasida joylashgan shahar Temuriylar davrida taraqqiy etib, yirik savdo, hunarmandchilik va ilm-ma’rifat maskaniga aylangan[1]. Darhaqiqat, agar tariximizga nazar tashlaydigan boʻlsak, Markaziy Osiyo va Janubiy Osiyo mintaqasi mamlakatlari azaldan yagona makon sifatida uygʻun rivojlanib kelgan, barcha sohalarda yaqin hamkorlik qilgan. Buyuk mutafakkir Abu Rayhon Beruniyning “Hindiston”, Zahiriddin Muhammad Boburning “Boburnoma” asarlari va boshqa tarixiy manbalar bu yaqin rishtalarning yaqqol dalilidir. Qolaversa, Afg‘onistonning O‘zbekistondagi elchisi o‘rinbosari Muhammadsobir Turkistoniyning quyidagi fikrlari e’tiborga molik: “Bir vaqtlar Movarounnahr deb atalgan ikki daryo oralig‘idagi zaminda O‘zbekiston ham, Afg‘oniston ham joylashgan. Madaniyatimizda mushtarak jihatlar kam emas.  Alisher Navoiy hazratlari madaniy merosi O‘zbekiston va Afg‘oniston xalqlarining boyligidir. Alisher Navoiy bobomizning xoklari Hirot viloyatida. Hirotda sulton Husayn Boyqaro davrida qurilgan minoralarning hammasi yagona majmua sifatida qad ko‘targan. Zahiriddin Muhammad Bobur esa Kobulda dafn qilingan. Bog‘i Bobur deb ataladigan majmuada. Afg‘onistonda ham ulkan madaniyat muzeylari bor. Kobulda, Hirotda, Mozori Sharifdagi muzeylarimizda osori atiqalarimiz saqlanadi”[2]. Albatta, bugungi saʼy-harakatlarimizning asosiy maqsadi ana shu tarixiy aloqalarni tiklash, xalqlarimiz oʻrtasida doʻstlik, qardoshlik rishtalarini yana-da mustahkamlash, pirovardida mamlakatlarimiz taraqqiyotini yangi bosqichga koʻtarishdir. Shu maqsadda Oʻzbekiston soʻnggi yillarda Janubiy Osiyo mamlakatlari bilan aloqalarni tobora rivoj­lantirmoqda.

Qayd etish o‘rinliki, uzoq vaqtdan buyon davom etib kelayotgan notinch vaziyat tufayli Afg‘onistonda ta’lim sohasi chuqur tanazzulga yuz tutdi. Shunday vaziyatda afg‘on xalqini ta’lim olishiga koʻmaklashish hamda zamonaviy bilim va koʻnikmalarga ega kadrlarni tayyorlashga koʻmak berish Afg‘onistonni inqirozdan olib chiqishga  boʻlgan eng oqilona yoʻllardan biri ekanligini ta’kidlash lozim. Shu nuqtayi nazardan Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 13-noyabrdagi “Oʻzbekiston Respublikasi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi huzurida Afg‘oniston fuqarolarini oʻqitish taʼlim markazi faoliyatini tashkil etish toʻg‘risida”gi Qaroriga muvofiq Surxondaryo viloyati Termiz shahrida Afg‘oniston fuqarolarini oʻqitish markazi faoliyat yuritmoqda. 2018-2019-oʻquv yili davomida Markazda 96 nafar talaba “Oʻzbek tili va adabiyoti” yoʻnalishi boʻyicha tahsil olib, barchasi Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat oʻzbek tili va adabiyoti universitetining bakalavr darajasiga ega boʻlishdi.

Iqtisodiy aloqalar. Ta’kidlash joizki, afg‘on zaminida tinchlik va barqarorlikni qaror toptirishda qurol-yarog‘ va harbiylar bilan hech qanday ijobiy natijaga erishib bo‘lmasligi 2021-yilda AQSh harbiylari Afg‘onistonda olib chiqib ketilishi bilan yana bir bor o‘z tasdig‘ini topdi. Shu nuqtai nazardan bugun O‘zbekistonning Afg‘oniston bilan iqtisodiy aloqalari mamalakatda tinchlik qaror topishi hamda iqtisodi qayta izga tushishida muhim omillardan biri bo‘lib xizmat qilmoqda.

O‘zbekiston Statistika agentligining hisob-kitoblariga ko‘ra, o‘zaro savdo aylanmasi 2021-yilda 653 mln dollar, 2022-yilda 688,8 mln dollar, 2023-yilda 784,1 mln dollar va 2024-yil yanvar-noyabr oylari bo‘yicha 999,9 mln dollarni tashkil etgan[3]. So'nggi besh yil ichida savdo aylanmasi 2,5 baravar o‘sib, 2025 yilda 1,68 milliard dollarga yetdi, O‘zbekiston eksporti esa taxminan 1,5 milliard dollarni tashkil etdi. Tomonlar savdo hajmini 5 milliard dollarga yetkazish bo‘yicha yangi o‘rta muddatli maqsadni belgilab oldilar. Shu boisdan O‘zbekiston bugungi kunda Afg‘onistonga sarmoya kirituvchi muhim davlatlardan biriga aylanmoqda. Jumladan, Oʻzbekiston va Afgʻoniston oʻrtasida imzolangan qiymati 1 mlrd dollarlik shartnomaga ko‘ra, Oʻzbekiston 10 yil davomida Jauzjon va Faryob viloyatlaridagi Toʻti Maydon gaz konini qayta ishlashda ishtirok etadi. Bu singari savdo-iqtisodiy vositalarni amalga oshirishda Surxondaryo viloyatida tashkil etilgan Termiz xalqaro savdo markazi juda muhim rol o‘ynaydi. Ushbu savdo markazi Afg‘oniston bilan hamkorlik qiluvchi turli tadbirkorlarga, ayniqsa, afg‘on tadbirkorlariga xizmat qiluvchi Markaziy Osiyodagi birinchi savdo zonasi hisoblanadi. Savdo markazida doimiy faoliyat yuritadigan ko‘rgazma-yarmarkalar, O‘zbekiston-Afg‘oniston biznes maktabi, Afg‘oniston fuqarolari bo‘lgan bemorlarga davolanish va tibbiy yordam olish uchun tibbiyot klinikasi, mehmonxona, qimmatbaho metallardan zargarlik buyumlari ishlab chiqarishga ixtisoslashgan korxonalar, multivalyuta tizimi va umuman, tadbirkorlar emin-erkin savdo qilishga imkon beruvchi boshqa shart-sharoitlar yaratilgan.  

Tahliliy ma’lumotlarga ko‘ra O‘zbekiston umumiy xalqaro transportning 60% Markaziy Osiyo davlatlari va Afg‘oniston tranzit yo‘llaridan o‘tadi. O‘zbekistonning Afg‘oniston orqali dengiz portlariga chiqishi Qora va Boltiq dengiziga chiqish portlaridan 2-3 marta, Tinch okeani portlari yo‘nalishidan 5 marta qisqaroqdir[4]. Iqtisodiy tahlilchilarning maʼlumotiga koʻra, Afg‘oniston orqali dengiz portlariga chiqish Markaziy ­Osiyodan Janubiy Osiyoga bitta konteynerni yetkazish narxi 900 dollardan 286 dollarga arzonlashadi. Bundan tashqari, yuk tashishga sarflanadigan vaqt 35 kundan 3-5 kungacha qisqaradi. Shu bilan birga, eksport salohiyati ham keskin oshadi. Transport-infratuzilmaviy kommunikatsiyalarni takomillashtirish va Markaziy Osiyoga xalqaro tranzit yuk tashuvchilarni jalb etish mintaqa davlatlarini birlashtiruvchi eng muhim vazifalardan biridir. Uni hal etish mintaqadagi ijtimoiy-iqtisodiy vaziyatni yaxshilash zarurati bilan belgilanadi.

Xulosa qilib aytganda ushbu nufuzli xalqaro anjuman mintaqalarimiz oʻrtasida oʻzaro aloqalarni yana-da kengaytirish, hamkorlikning yangi qirralarini ochish, tinchlik va taraqqiyot yoʻlidan dadil odimlashimizda oʻz samaralarini beradi.

Shuningdek, Termiz muloqoti mintaqalararo o‘zaro bog‘liqlikni kuchaytirishga turtki beruvchi maydon sifatida mushtarak tarixiy-madaniy va sivilizatsion aloqalarni tiklash barobarida, Afg‘oniston orqali yangi xalqaro transport-logistika yo‘laklari rivojlanishiga imkoniyat eshiklarini ochib beradi. Bir-biriga ishonch va manfaatlar to‘qnashuvi kuchayib borayotgan hozirgi murakkab sharoitda Termiz muloqoti kabi hamkorlik formati muhim ahamiyat kasb etadi.

Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti Tashqi siyosat va xalqaro iqtisodiy munosabatlar instituti direktor o‘rinbosari PhD., O.Abdurahmonov
 

 

 

[1] Eldor Aripov: "Termiz muloqoti Markaziy va Janubiy Osiyo o‘rtasidagi o‘zaro bog‘liqlikni mustahkamlashda muhim ahamiyatga ega". (21.05.2025), https://daryo.uz/2025/05/21/eldor-aripov-termiz-muloqoti-markaziy-va-janubiy-osiyo-ortasidagi-ozaro-bogliqlikni-mustahkamlashda-muhim-ahamiyatga-ega

[2] Afg‘onistonda O‘zbekistonga aloqador madaniy boyliklar kam emas. (07.11.2023). https://xabar.uz/uz/madaniyat/afgonistonda-ozbekistonga-aloqador-madaniy-boyliklar-kam-emas

[4] Akmalov Sh. O‘zbekiston va Afg‘oniston: o‘tmishdan hozirgacha. Monografiya. – T.: “Zamon poligraf”, 2023. – B. 70.