Elchixona bilan bog'lanish
telefoni
Konsullik masalalari bo'yicha
telefoni

Toshkent xalqaro forumi – Yangi O‘zbekistonning jozibador investitsiya diplomatiyasi - O'zbekiston Respublikasining Fransiya Respublikasidagi elchixonasi

Toshkent xalqaro forumi – Yangi O‘zbekistonning jozibador investitsiya diplomatiyasi



Jahon iqtisodiyotida geosiyosiy beqarorlik, global ta’minot zanjirlaridagi uzilishlar, investitsiya resurslari uchun raqobatning kuchayishi hamda iqtisodiy o‘sish sur’atlari sekinlashuvi kuzatilayotgan bugungi sharoitda davlatlarning investitsiya jozibadorligi strategik ahamiyat kasb etmoqda.

Bunday vaziyatda mamlakatlarning xalqaro kapital uchun ochiqligi, qulay biznes muhiti yaratishi va investorlar bilan samarali muloqot platformalarini shakllantirishi iqtisodiy taraqqiyotning muhim omillaridan biriga aylanmoqda. So‘nggi yillarda O‘zbekistonda tashkil etilayotgan Toshkent xalqaro investitsiya forumi ana shunday platformalardan biri sifatida shakllanib, mamlakatning investitsiya siyosati va iqtisodiy diplomatiyasining muhim institutsional mexanizmiga aylandi.

2022-yilda ilk bor tashkil etilgan Toshkent xalqaro investitsiya forumi qisqa vaqt ichida nafaqat O‘zbekiston, balki butun Markaziy Osiyo mintaqasidagi eng nufuzli iqtisodiy maydonlardan biri sifatida e’tirof etildi.

Forumning asosiy maqsadi mamlakatning investitsiya salohiyatini xalqaro hamjamiyatga namoyish etish, xorijiy investorlar bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri muloqot o‘rnatish, yangi investitsiya loyihalarini shakllantirish va iqtisodiy hamkorlikni kengaytirishdan iborat bo‘ldi.

Ilk forumda 56 mamlakatdan mingdan ortiq xorijiy mehmon qatnashgan. 2025-yilda 100 ga yaqin davlatdan 7,5 mingdan ziyod delegat ishtirok etdi. 2026-yilgi beshinchi forumda esa 99 mamlakatdan 8 mingdan ziyod ishtirokchi, jumladan, 3,1 ming nafar xorijiy mehmon qatnashishi kutilmoqda.

Mazkur raqamlar forumning xalqaro nufuzi ortib borayotgani, O‘zbekistonga nisbatan investorlar ishonchi mustahkamlanayotgani va mamlakatning global investitsiya bozoridagi mavqei tobora kuchayib borayotganini ko‘rsatadi.

Toshkent xalqaro investitsiya forumining ahamiyatini baholashda uning mamlakat investitsiya siyosati evolyutsiyasidagi o‘rniga alohida e’tibor qaratish lozim. Prezidentning 2022-yilgi nutqida asosiy urg‘u milliy iqtisodiyotni erkinlashtirish, tadbirkorlik faoliyati uchun qulay sharoitlar yaratish, litsenziya va ruxsat berish tartib-taomillarini soddalashtirish hamda korrupsiyaga qarshi kurashish masalalariga qaratilgan edi. Bu davrda O‘zbekiston o‘zini investorlar uchun yangi va istiqbolli bozor sifatida namoyon qilishga harakat qildi.

2023-yilga kelib mamlakat investitsiya siyosatida yangi bosqich boshlandi. Prezident o‘z nutqida davlat boshqaruvini modernizatsiya qilish, investorlar huquqlarini huquqiy jihatdan mustahkamlash, soliq yukini kamaytirish, tashqi savdoni liberallashtirish va Jahon savdo tashkilotiga a’zo bo‘lish jarayonlarini jadallashtirish kabi masalalarga alohida e’tibor qaratdi. Xususan, qo‘shilgan qiymat solig‘ining pasaytirilishi, xorijiy investorlar dividendlarini soliqdan ozod qilish va “yagona darcha” tamoyili asosida investorlarga xizmat ko‘rsatish tizimi joriy etilishi mamlakatning investitsiya jozibadorligini sezilarli darajada oshirdi.

2024-yilda esa forum mamlakat iqtisodiyoti sifat jihatidan yangi bosqichga o‘tayotganini namoyon qildi. Prezident 2024-yildagi nutqida so‘nggi yillarda mamlakat iqtisodiyotiga 60 milliard dollardan ziyod xorijiy investitsiyalar jalb qilinganini ta’kidladi. Shuningdek, energetika, kimyo sanoati, metallurgiya, avtomobilsozlik va elektrotexnika sohalarida dunyoning yetakchi kompaniyalari ishtirokida 300 dan ortiq yirik investitsiya loyihalari amalga oshirilgani qayd etildi. Bu esa O‘zbekistonning xalqaro kapital uchun ishonchli va istiqbolli hamkorga aylanib borayotganidan dalolat beradi.

2025-yilgi forum esa mamlakat investitsiya siyosatining yangi mazmun kasb etayotganini ko‘rsatdi. Agar avvalgi bosqichlarda asosiy e’tibor sanoatlashtirish va infratuzilma loyihalariga qaratilgan bo‘lsa, endilikda investitsiya siyosatining markaziga yashil iqtisodiyot, raqamli texnologiyalar, sun’iy intellekt, data-markazlar, fintex va innovatsion sanoat tarmoqlari chiqmoqda.

Toshkent xalqaro investitsiya forumi mamlakat iqtisodiyotiga jalb qilinayotgan sarmoyalarning tarkibi va sifatini o‘zgartirishda ham muhim ahamiyat kasb etmoqda. Forum doirasida energetika, kimyo sanoati, geologiya, metallurgiya, elektrotexnika, mashinasozlik, farmatsevtika, qishloq xo‘jaligi, transport va logistika, raqamli texnologiyalar, qurilish va turizm sohalaridagi yirik loyihalar muhokama qilinmoqda va amalga oshirilmoqda. Ayniqsa, keyingi yillarda yashil energetika, qayta tiklanuvchi energiya manbalari, sun’iy intellekt va raqamli iqtisodiyot sohalariga investitsiyalar jalb qilishga alohida e’tibor qaratilayotgani O‘zbekiston iqtisodiyotining innovatsion rivojlanish modeliga o‘tayotganidan dalolat beradi.

2026-yilgi forumning mazmun-mohiyati ham mamlakat investitsiya siyosati yangi bosqichga chiqqanini ko‘rsatmoqda. Forum doirasida yalpi majlislar, ikki tomonlama uchrashuvlar, tarmoq va hududlar taqdimotlari, investitsiya kelishuvlarini imzolash marosimlari hamda Prezident huzuridagi Xorijiy investorlar kengashining yalpi yig‘ilishi o‘tkazilishi rejalashtirilgan. Eng muhimi, yangi investitsiya kelishuvlari kimyo sanoati, geologiya va metallurgiya, mashinasozlik, elektrotexnika, farmatsevtika, qishloq xo‘jaligi, energetika, ekologiya, raqamli texnologiyalar, bank-moliya, transport-logistika, turizm va ta’lim kabi ustuvor sohalarni qamrab oladi. Bu esa forumning mamlakat iqtisodiyotini diversifikatsiya qilish va yuqori qo‘shilgan qiymatli ishlab chiqarishlarni rivojlantirishda muhim ahamiyat kasb etayotganini anglatadi.

Tahlillar shuni ko‘rsatadiki, Toshkent xalqaro investitsiya forumi bugungi kunda oddiy iqtisodiy tadbir doirasidan chiqib, O‘zbekistonning iqtisodiy diplomatiyasida muhim institutga aylandi. Forum orqali mamlakat o‘zining iqtisodiy salohiyatini namoyish etmoqda, xalqaro moliya institutlari va transmilliy korporatsiyalar bilan strategik hamkorlikni kengaytirmoqda, investitsiya imijini mustahkamlamoqda hamda global qiymat zanjirlariga integratsiyalashuv jarayonlarini jadallashtirmoqda.

Xulosa qilib aytganda, 2022–2025-yillar davomida o‘tkazilgan Toshkent xalqaro investitsiya forumi Yangi O‘zbekistonning iqtisodiy taraqqiyot strategiyasida muhim o‘rin egalladi. Forum ishtirokchilari sonining yildan-yilga ortishi, jalb qilinayotgan investitsiyalar hajmining o‘sishi, sohaviy qamrovning kengayishi va yuqori texnologiyali tarmoqlarga e’tiborning kuchayishi mamlakatda amalga oshirilayotgan islohotlarning amaliy natijasini namoyon etmoqda.

Bugungi kunda mazkur forum O‘zbekistonning xalqaro investitsiya bozoridagi nufuzini oshirish, mamlakatni Markaziy Osiyoning investitsiya va innovatsiya markaziga aylantirish hamda barqaror iqtisodiy o‘sishni ta’minlashning eng muhim mexanizmlaridan biri sifatida namoyon bo‘lmoqda.

Jamshid SHARIPOV,
 “Taraqqiyot strategiyasi” 
markazi bo‘lim boshlig‘i.
O‘zA