
Xonimlar va janoblar!
Qadrli do‘stlar!
Bugun beshinchi Toshkent xalqaro investitsiya forumida qatnashayotgan davlat va hukumat rahbarlari, nufuzli xalqaro moliya institutlari, yirik kompaniyalar, jamg‘armalar vakillari va yetakchi ishbilarmonlarni ko‘rib turganimdan benihoya xursandman.
Sizlarning ishtirokingiz xalqaro miqyosda Yangi O‘zbekiston taraqqiyotiga bo‘lgan ishonch tobora ortib borayotganining yana bir ifodasidir.
Forum doirasida birgalikdagi harakatlarimiz katta marralarga erishish uchun mustahkam poydevor bo‘lmoqda. Xususan, so‘nggi yillarda yurtimizga 150 milliard dollardan ziyod xorijiy investitsiya jalb qilingan bo‘lsa, shundan 123 milliard dollari oxirgi besh yilga to‘g‘ri kelmoqda.
Biz O‘zbekiston bilan hamkorlik qilishdan manfaatdor bo‘lgan, teng huquqli va o‘zaro foydali sheriklikka tayyor investorlar uchun doimo ochiqmiz.
Joriy yilgi forumda dunyoning 100 dan ortiq davlatidan 4 mingga yaqin xorijiy mehmonlar qatnashayotgani ham anjumanimiz nufuzi yuksalib borayotganini yaqqol tasdiqlaydi.
Fursatdan foydalanib, tadbirimizda ishtirok etayotgan Albaniya Respublikasi Prezidenti Bayram Begay Janobi Oliylariga, Rossiya Federatsiyasi Hukumati Raisi Mixail Mishustin Janobi Oliylariga, Belarus Respublikasi Bosh vaziri Aleksandr Turchin Janobi Oliylariga, Ozarbayjon Respublikasi Bosh vaziri Ali Asadov Janobi Oliylariga, Qozog‘iston Respublikasi Bosh vaziri Oljas Bektenov Janobi Oliylariga, Qirg‘iz Respublikasi Vazirlar Mahkamasi Raisi – Prezident Administratsiyasi rahbari Adilbek Kasimaliyev Janobi Oliylariga, Tojikiston Respublikasi Bosh vaziri Qohir Rasulzoda Janobi Oliylariga alohida minnatdorlik izhor etaman.
Shu bilan birga, jadal islohotlarimiz yo‘lida biz bilan yaqindan hamkorlik qilib kelayotgan Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki, Yangi taraqqiyot banki, shuningdek, Jahon banki, Xalqaro moliya korporatsiyasi, Osiyo taraqqiyot banki, Osiyo infratuzilma investitsiyalari banki, Yevropa investitsiya banki hamda xorijiy banklar, kompaniya va tashkilotlar vakillariga samimiy tashakkur aytaman.
Yangi O‘zbekistonga xush kelibsiz, qadrli do‘stlar!
Hurmatli forum ishtirokchilari!
Jahon iqtisodiyoti va global kapital xaritasi keskin o‘zgarayotgan, savdo ziddiyatlari avj olayotgan hozirgi sharoitda har qanday investor tadbirkorlarning huquq va erkinliklari ishonchli himoya qilinayotgan, iqtisodiyot jadal sur’atlar bilan o‘sib borayotgan, keng imkoniyatlar mavjud bo‘lgan davlatlarga sarmoya kiritishga intilishi tabiiy, albatta.
Shu bois, biz Yangi O‘zbekistonda investitsiya muhitini tubdan yaxshilash yo‘lida tizimli chora-tadbirlarni olib boryapmiz. O‘tgan yili yalpi ichki mahsulotimiz 7,7 foizga o‘sdi, iqtisodiyotga 43 milliard dollar investitsiya jalb qilindi. Milliy valyutamiz barqarorligi ta’minlanib, xalqaro zaxiralarimiz hajmi 70 milliard dollardan ortdi.
Ko‘pchilikning yodida, biz to‘rt yil avval bo‘lib o‘tgan ilk forumda 2026-yil yakuniga kelib, O‘zbekistonning yalpi ichki mahsulotini 100 milliard dollarga yetkazishni maqsad qilgan edik. Jadal sur’atlarda o‘sib borayotgan iqtisodiyotimiz bu yil 180 milliard dollardan ortishi kutilmoqda. Shu bilan birga, O‘zbekistonning xalqaro kredit reytingi yil sayin yaxshilanib bormoqda. Joriy yilda mamlakatimiz nufuzli “Iqtisodiy erkinlik indeksi”da 14 pog‘ona yuqorilab, ilk bor “iqtisodiyoti mo‘’tadil erkin” davlatlar qatoridan joy oldi.
Bularning barchasi O‘zbekiston iqtisodiyoti yangi sur’at va yangi imkoniyatlar bosqichiga chiqayotganiga yorqin misoldir.
Hurmatli anjuman qatnashchilari!
Bugungi forum mavzusi “Investitsiyaviy barqarorlik: yangi marralar va yangi sheriklik” deb nomlangani ham bejiz emas. Biz oldimizda turgan katta maqsadlarga faqat birgalikdagi sa’y-harakatlarimiz orqali erisha olamiz. Ko‘p qirrali hamkorligimizni yanada kengaytirish uchun bir qator ustuvor yo‘nalishlarga to‘xtalib o‘tmoqchiman.
Birinchi yo‘nalish – investorlar uchun huquqiy kafolat tizimini yanada kuchaytirish.
Investorlar huquqlarini kuchli institutlar, e’tirof etilgan xalqaro mexanizmlar orqali ta’minlash hal qiluvchi ahamiyatga ega. Bu borada mart oyidan Toshkent xalqaro moliya markazini tashkil etish bo‘yicha ishlarni boshladik. Markazning huquqiy asoslari Konstitutsiyaviy qonun bilan mustahkamlanadi. Ushbu Markaz ishtirokchilari uchun jozibador soliq tizimi yaratiladi. Foyda solig‘i, qo‘shilgan qiymat solig‘i, mol-mulk solig‘i va bojxona bojlari nol foiz etib belgilanadi. Kapitalning erkin harakati, istalgan valyutada hisob-kitob qilish imkoniyati so‘zsiz kafolatlanadi. Moliyaviy texnologiyalar, raqamli aktivlar, “yashil” moliya uchun zamonaviy tizim yaratiladi. Markaz hududida normativ hujjatlarni qabul qilish vakolatiga ega mustaqil moliyaviy regulyator ham tashkil etiladi.
Dastlabki bosqichda bu kabi imtiyozlarning amal qilish muddati 50 yil etib belgilanadi. Markazda Angliya huquqiga asoslangan maxsus tartib-tamoyil joriy etiladi, mustaqil Toshkent xalqaro tijorat sudi tashkil qilinadi. Unda nufuzli xorijiy sudyalar va xalqaro ekspertlar faoliyat yuritadi. Shu bilan birga, investitsion mediatsiya tizimini ham rivojlantiramiz. Bu borada Birlashgan Millatlar Tashkilotining Mediatsiya to‘g‘risidagi Singapur konvensiyasiga qo‘shilish niyatidamiz.
Ushbu choralar natijasida investorlar O‘zbekistonning o‘zida kafolatlangan xalqaro huquqiy himoyaga ega bo‘ladi. Barchangizni bunday shart-sharoitlardan, shakllanayotgan yangi ekotizim imkoniyatlaridan unumli foydalanishga chaqiramiz.
Ikkinchi yo‘nalish – kapital bozorini rivojlantirish, muqobil moliya vositalariga keng yo‘l ochish.
O‘zbekiston yangi avlod moliya texnologiyalari va sarmoya bozorlarini jadal rivojlantirmoqda. O‘tgan davrda xalqaro bozorlarda 16 milliard dollardan ziyod obligatsiyalarni joylashtirdik. Shu bilan birga, milliy valyutadagi korporativ yevro-obligatsiyalarni ham aylanmaga kiritdik. Ilk bor 13 ta strategik korxona aktiviga ega Milliy investitsiya jamg‘armasining 30 foiz aksiyalarini Toshkent va London fond birjasiga chiqardik. E’tiborli jihati, bu London birjasining oxirgi besh yildagi eng yirik IPOsiga aylandi. Shu bilan birga, qator yirik kompaniyalarni ham IPOga chiqarishga tayyorgarlik ko‘ryapmiz.
Bu kabi islohotlarning huquqiy negizini mustahkamlash uchun “Kapital bozori to‘g‘risida”gi va “Muqobil investitsiya jamg‘armalari to‘g‘risida”gi qonunlar qabul qilinadi.
O‘zbekistonda xalqaro kliring kompaniyalarning faoliyatiga ham keng imkoniyatlar ochamiz. Bundan tashqari, investitsiya oqimini diversifikatsiya qilish uchun suveren islom obligatsiyalari – sukuk dasturini amalga oshirishni boshlaymiz.
Bular korxonalarimizga kelgusida kamida 10 milliard dollar qo‘shimcha kapital olib kelish uchun katta turtki beradi.
Shuningdek, xususiylashtirish doirasida shu yil 6 milliard dollarlik ko‘chmas mulk, korxonalardagi davlat ulushi va yer uchastkalari auksionga chiqariladi.
Mahalliy va xorijiy investorlarni bunday yangi imkoniyatlardan keng foydalanishga chorlaymiz.
Uchinchi yo‘nalish – yuqori qo‘shilgan qiymat zanjirlarini kengaytirishga investitsiyalarni jalb etish.
Biz sanoatning barcha tarmoqlarida yangi texnologik bosqichga o‘tish va qo‘shilgan qiymatni yaratish bo‘yicha katta dasturlarni boshladik. Kelgusi besh yilda sanoatda yuqori texnologiyali mahsulotlar hajmini 2,5 barobarga ko‘paytiramiz. Misol uchun, ilg‘or kimyo tarmog‘ini rivojlantirish orqali 20 milliard dollarlik investitsiya salohiyatini ishga solish; hududlarda 15 ming yuqori daromadli ish o‘rinlarini yaratish; 130 turdagi yangi mahsulotlarni ishlab chiqarish bo‘yicha hamkorligimiz bizga ham, siz, investorlarga ham manfaat keltirishiga ishonaman.
Yaxshi xabardorsiz, O‘zbekiston boy tabiiy resurslar – oltin, mis, uran, volfram, gaz va boshqa noyob zaxiralarga ega. Strategik xomashyo bo‘lgan yer osti boyliklarimizning umumiy qiymati 3 trillion dollar deb baholanmoqda.
Bu sohadagi imkoniyatlarni xorijiy investorlarga taqdim etish maqsadida ochiq raqamli geologiya ma’lumotlar bazasini yaratamiz; auksionga qo‘yiladigan konlarni 4 karra ko‘paytiramiz; “qazib olishdan tayyor mahsulotgacha” bo‘lgan loyihalarni amalga oshirish uchun Toshkent va Samarqand viloyatlarida barpo etilayotgan “Kelajak metallari” texnoparklariga xorijiy sarmoyani keng jalb qilamiz.
Mashinasozlik, robototexnika, yengil sanoat, qurilish materiallari, elektrotexnika, farmatsevtika kabi “drayver” tarmoqlarda ham 20 milliard dollarlik investitsiya loyihalarini birgalikda amalga oshirishni taklif qilamiz.
Sizlarning “yangi iqtisodiyot” tarmoqlaridagi tashabbuslaringizni har tomonlama qo‘llab-quvvatlashga tayyormiz.
To‘rtinchi yo‘nalish – “yashil” energetika va sun’iy intellekt sohalaridagi sheriklikni yanada chuqurlashtirish.
Xabaringiz bor, “yashil” energetikaga katta e’tibor berib kelyapmiz. Yaqin yillarda umumiy elektr generatsiyasida uning ulushini 54 foizga yetkazishni reja qilganmiz.
Investorlarga quyosh va shamol elektr stansiyalari bilan bir qatorda energiya saqlash tizimlarini rivojlantirish, tarmoqlarni modernizatsiya qilish, “yashil” energiya asosida ishlaydigan data-markazlar barpo etish taklifini ilgari suramiz.
Sun’iy intellekt tarmog‘ini rivojlantirish – davrimizning muhim talabi. Xorijiy ekspertlar O‘zbekistonda kelgusi besh yilda ushbu yangi yo‘nalishda kamida 10 milliard dollarlik qo‘shimcha qiymat yaratilishini prognoz qilyapti.
Sun’iy intellektni barcha sohalarga keng joriy etish uchun eng ilg‘or tajribalar asosida Milliy strategiyani qabul qildik. Uning doirasida “Besh million yetakchi” dasturi boshlandi.
Asosiy vazifamiz sun’iy intellekt orqali aholining barcha qatlamlari hayotini yaxshilash, undan ta’lim, davlat xizmatlari va biznes jarayonlarida keng foydalanishdan iborat.
Biz Qoraqalpog‘istonda sun’iy intellekt loyihalari va data-markazlar uchun maxsus zona yaratdik. Bu hududda 2040-yilgacha investorlar barcha turdagi soliq va bojlardan ozod qilinadi; yo‘l, elektr, suv infratuzilmasi davlat hisobidan qurib beriladi; 1 kilovatt-soat elektr energiyasi uchun 5 sent miqdorida imtiyozli tarif belgilanadi.
Shu bilan birga, maxsus huquqiy rejimga ega bo‘lgan O‘zbekiston xalqaro raqamli texnologiyalar markazini ham tashkil etyapmiz.
Fursatdan foydalanib, sizlarni ushbu yo‘nalishlar bo‘yicha jozibadorligi yuqori bo‘lgan loyihalarda hamkorlikka taklif etamiz.
Beshinchi yo‘nalish – mintaqaviy transport-logistika bog‘liqligini rivojlantirish.
Ma’lumki, investorlar uchun xalqaro savdo bozorlariga chiqish katta ahamiyatga ega. Bugungi tadbirimizda keng mintaqamiz mamlakatlarining hukumat rahbarlari ham ishtirok etmoqda.
Biz so‘nggi yillarda bu davlatlar yetakchilari bilan birgalikda Markaziy Osiyoni o‘zaro bog‘liq va butun jahonga ochiq bo‘lgan katta imkoniyatlar maydoniga aylantiryapmiz. Jumladan, Xitoy va Qirg‘iziston bilan hamkorlikda strategik temir yo‘l qurilishini jadal davom ettiryapmiz. Shu bilan birga, janubiy dengiz portlariga to‘g‘ridan-to‘g‘ri chiqish imkonini beradigan Transafg‘on koridori loyihasi ustida faol ishlayapmiz. Bundan tashqari, Kaspiy dengizi orqali o‘tadigan “O‘rta koridor” transport yo‘nalishini ham rivojlantiryapmiz.
Ushbu loyihalarni to‘liq ro‘yobga chiqarish evaziga Osiyo va Yevropani bog‘laydigan transport magistrallari tarmog‘iga qo‘shilamiz.
Biz transport-logistika yo‘nalishida yurtimizda qator megaloyihalarni ham boshlaganmiz. Masalan, Saudiya Arabistonidagi hamkorlarimiz bilan yiliga 20 million yo‘lovchiga xizmat ko‘rsatadigan yangi Toshkent xalqaro aeroportini quryapmiz.
Forum doirasida sizlarga taqdim etilayotgan tezyurar avtomobil yo‘llarini barpo etish, ko‘p funksiyali logistika markazlari va “quruq portlar”ni qurish kabi loyihalarda faol ishtirok etishingiz barchamiz uchun birdek manfaatli bo‘lishiga ishonamiz.
Oltinchi yo‘nalish – hududlarni rivojlantirishda investitsiyaviy hamkorlikni yangi bosqichga ko‘tarish.
O‘zbekiston aholisi qariyb 40 millionga yaqinlashdi. Jadal demografik va iqtisodiy o‘sish bizdan urbanizatsiya va shaharsozlik bo‘yicha katta dasturlarni amalga oshirishni taqozo etmoqda. Ular doirasida 2040-yilga qadar quriladigan uy-joylarning sonini 2 karra oshirib, urbanizatsiya darajasini hozirgi 51 foizdan 65 foizga yetkazishni reja qilganmiz.
Biz uzoq kelajakni ko‘zlagan yangi investitsiya markazlarini barpo etmoqdamiz. Poytaxtimizga tutash hududda 2 million aholiga mo‘ljallangan zamonaviy Yangi Toshkent megapolisini bunyod etyapmiz. Shuningdek, Andijon, Namangan va Samarqandni millionli shaharlarga aylantirish bo‘yicha loyihalarni boshlab yuborganmiz.
Umuman, yurtimizda uy-joy qurilishi loyihalari yiliga kamida 10 milliard dollarlik kafolatli bozorni ta’minlaydi. Bunga qo‘shimcha ravishda infratuzilmani barpo etishda 27 milliard dollarlik davlat-xususiy sheriklik loyihalarini sizlar bilan amalga oshirishga tayyormiz.
Ta’kidlash joizki, so‘nggi yillarda mamlakatimiz hududlari rivojlanishida turizm va zamonaviy agrosanoat ham drayver yo‘nalishga aylanmoqda. Xususan, o‘tgan besh oyda yurtimizga xorijiy turistlar oqimi 27 foizga o‘sib, 5,5 million nafarni tashkil etdi. Umuman olganda, O‘zbekistonda har yili 15-20 million chet ellik sayyohlarni qabul qilish va ularga yiliga kamida 15 milliard dollarlik turizm xizmatlari ko‘rsatish salohiyati bor.
Shu bois, turizm durdonalari bo‘lgan Samarqand, Buxoro va Xiva bilan bir qatorda boshqa hududlarimizda ham sayyohlik sohasiga faol sarmoya kiritasizlar deb umid qilamiz.
Qolaversa, an’anaviy qishloq xo‘jaligini ilg‘or agrobiznes tarmog‘iga aylantirish bo‘yicha ham dadil qadamlar tashlayapmiz. Hozirgi kunga kelib, O‘zbekiston dunyoning 70 dan ortiq davlatiga yiliga 3,5 milliard dollarlik meva-sabzavot eksport qilib, o‘z “brendi”ga ega bo‘ldi.
Biz hosildorlikni oshirish, yangi organik mahsulotlarni ko‘paytirish orqali eksportni 10 milliard dollarga olib chiqish bo‘yicha katta marrani ko‘zlaganmiz.
Shu o‘rinda siz, nufuzli kompaniyalar vakillariga qarata aytmoqchiman: bugungi anjumanda bizning 14 ta hududimiz rahbarlari ham ishtirok etmoqda. Marhamat, ular hamrohligida viloyatlarga borib, yaratilayotgan imkoniyatlar bilan bevosita tanishing. Boy tajribangiz, texnologiya va sarmoyangiz bilan o‘zaro manfaatli loyihalarda faol ishtirok eting. Bu jarayonlarda barcha hokimlar sizlarning yoningizda turib, yaqindan ko‘mak beradi va har jihatdan qo‘llab-quvvatlaydi.
Aziz mehmonlar!
Biz Osiyo taraqqiyot banki hamda Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki tashabbusi bilan Markaziy Osiyo va Kavkaz investitsiya kengashlarining mintaqaviy alyansi tashkil etilayotganini o‘z vaqtida qabul qilingan qaror deb hisoblaymiz.
Bozor qanchalik katta va qoidalar qanchalik uyg‘un bo‘lsa, mintaqa davlatlariga sarmoyalar oqimi shuncha ko‘payadi. Shu ma’noda, mazkur muhim tashabbus kelgusida umumiy investitsiya makonini yaratish yo‘lidagi dastlabki qadam bo‘lishiga aminmiz.
Qadrli do‘stlar!
Biz ertaga sarmoyadorlar bilan doimiy institutsional muloqot formati – Prezident huzuridagi Investorlar kengashining yalpi majlisini o‘tkazamiz. Bir stol atrofida o‘tirib, yuzaga kelayotgan har qanday muammolarga samarali yechimlar topamiz va aniq vazifalarni belgilab olamiz.
Chunki biz uchun investitsiya bu faqat iqtisodiy resurs emas, balki ilg‘or texnologiyalar, zamonaviy bilim va tajribalar, yangi ish o‘rinlari va davr bilan hamnafas taraqqiyot demakdir.
Har qanday buyuk orzu va niyatni hayotga to‘la tatbiq etishda asosiy hamkor, hech shubhasiz, ezgu niyatli investorlar, desak, mubolag‘a bo‘lmaydi. Shu bois, diyorimizga katta ishonch va g‘oyalar bilan kelayotgan xorijiy sarmoyadorlarga Yangi O‘zbekistonning eshiklari hamisha ochiq. Prezident sifatida shaxsan o‘zim va Hukumatimiz yoningizda yelkadosh bo‘lishga doim tayyormiz.
Toshkent investitsiya forumi ruhi barchangizni mamlakatimizga doim chorlab turishiga, umumiy muvaffaqiyat ramziga aylanishiga ishonaman.
Yurtimizning go‘zal tabiati, betakror madaniyati va olijanob xalqimizning mehmondo‘st qalbi esa do‘stligimizni mustahkamlash uchun o‘ziga xos investitsiya bo‘lishiga aminman.
So‘zimning yakunida anjumanimizda qatnashayotgan investorlarga, xorijiy hukumat va xalqaro tashkilotlar hamda diplomatik korpus vakillariga yana bir bor chin dildan minnatdorlik bildiraman.
Barchangizga mustahkam sog‘liq, baxt-saodat, faoliyatingizda ulkan zafarlar tilab qolaman.