
O'zbekiston delegatsiyasi shu yilning 25-29 may kunlari Parij shahrida bo'lib o'tayotgan Jahon hayvonlar sog'lig'i tashkilotining (JHST) 92-bosh sessiyasida ishtirok etmoqda, deb xabar qilmoqda "Dunyo" AA muxbiri.
Tashrif davomida O'zbekiston Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish davlat qo'mitasi raisi Baxrom Norqobilov va JHST Bosh direktori Emmanuel Subeyran o'rtasida uchrashuv bo'lib o'tdi. Unda tomonlar o'rtasidagi munosabatlarni yana-da mustahkamlash masalalari muhokama qilindi. Shuningdek, O'zbekistonda hayvonlarning oqsil va parrandalarning yuqori patogen grippi kasalliklari bo'yicha "kasallikdan sog'lom hudud" maqomini olish yuzasidan JHST ekspertlarini jalb qilishga kelishildi.
Qo'mita raisi "Model WOAH" dasturini JHSTning veterinariya ta'limi bo'yicha tavsiya etilgan birinchi kun kompetensiyalariga kiritish bo'yicha rezolyutsiya qabul qilish tashabbusini bildirdi va ushbu taklif JHST Bosh direktori tomonidan qo'llab quvvatlandi.
Jahon hayvonlar sog'lig'i tashkiloti Assambleyasining 92-bosh sessiyasi ochilish marosimida O'zbekiston Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish qo'mitasi raisi Baxrom Norqobilov JHST tomonidan "Xizmatlari uchun" medali bilan taqdirlandi.
Ushbu mukofot O'zbekiston va umuman, Mustaqil Davlatlar Hamdo'stligi mintaqasidagi JHST a'zo davlatlar orasida birinchi marta topshirildi.
O'zbekiston vakiliga mazkur mukofot veterinariya sohasidagi ko'p yillik samarali faoliyati, mintaqaviy va xalqaro hamkorlikni mustahkamlashdagi alohida hissasi, veterinariya ta'limi va ilmini rivojlantirish hamda hayvonlar sog'lig'ini muhofaza qilish, epizootik barqarorlikni ta'minlash va xalqaro standartlarni milliy tizimga samarali joriy etish borasidagi tashabbus va sa'y-harakatlari uchun berildi.
Bu yuksak e'tirof, shuningdek, O'zbekistonning xalqaro veterinariya hamjamiyatidagi tobora ortib borayotgan nufuzidan dalolat beradi.
Emmanuel Subeyran, Jahon hayvonlar sog'lig'i tashkiloti bosh direktori:
– O'zbekiston bilan hamkorlik juda samarali rivojlanmoqda. O'zbekistonda hayvonlar salomatligiga katta ahamiyat beriladi. Mamlakatingiz veterinariya xizmatlari juda yaxshi tayyorgarlikka ega. O'zbekiston Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish davlat qo'mitasi bilan strategik hamkorlikni rivojlantirishdan xursandmiz.
Shuningdek, biz O'zbekiston bilan hamkorlikni juda qadrlaymiz. 2024-yilning oktyabr oyida Samarqand shahrida Jahon hayvonlar sog'lig'i tashkilotining Yevropa mintaqaviy komissiyasi 31-konferensiyasi muvaffaqiyatli o'tkazildi. Anjuman davomida turli masalalarni muhokama qildi. Shuningdek, O'zbekistonning veterinariya yo'nalishidagi islohotlari va mamlakatning boy sayyohlik salohiyati bilan tanishish imkoniyatiga ega bo'ldik.
O'zbekiston bilan ishlash biz uchun juda foydalidir. Shu sababli JHSTda O'zbekiston bilan hamkorlik yuksak qadrlanadi.